Kecha, 27-mart kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi nufuzli musobaqa yakunlandi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Dunyoning 67 davlatidan ishtirok etgan polvonlar orasida O‘zbekiston sharafini 6 nafar dzyudochi himoya qildi.
27-mart, yakshanba kuni besh nafar o‘zbekistonlik dzyudochi tatamiga chiqqan bo‘lsa, ulardan eng yaxshi natijani Soyib Qurbonov qayd etdi. U avvaliga gruziyalik Jaba Mumladzeni yengdi. Ikkinchi bosqichdagi raqib yo‘qligi sabab, uchinchi davraga kurashsiz yo‘l oldi. Bu bosqichda Soyib Qurbonov eronlik Javad Mahjoubga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali uchun o‘tish bellashuvida ishtirok etgan Qurbonov gruziyalik Beka Gviniashviliga imkoniyatni boy berdi va yakunda 5-o‘rin bilan kifoyalandi.
Qayd etish joiz, musobaqaning ilk kuni -60 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan o‘zbekistonlik Diyorbek O‘rozboyev barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Diyorbek finalga qadar isroillik Artyom Arshanski, rossiyalik Aram Grigoryan, bolgariyalik Yanislav Gerchev, qirg‘izistonlik Otar Bestayevni taslim etdi. Final bellashuvida esa Diyorbek O‘rozboyev mo‘g‘ulistonlik Amartuvshin Dashdavaani bitta shido, ikkita vazari bahosi evaziga yengdi.
Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi 67 davlat orasida to‘qqizinchi o‘rinni band etdi. Mirali Sharipov, Dilshod Choriyev va Gulnoza Matniyazova guruhdan chiqa olmadi.
Izoh (0)