O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining 28-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Navoiydan saylangan senator Faxritdin Umarovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda MSK saytida xabar berilgan.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Faxritdin Umarovning senatorlik vakolati uning xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi deputati vakolati tugatilganligi munosabati bilan tugatilgan.

1964-yilda Navoiy viloyati Karmana tumanida tavallud topgan, asli quruvchi-muhandis Faxritdin Umarov Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasiga raislik qilib kelayotgan edi.

2016-yilning mart oyida esa Faxritdin Umarov Navoiy viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 61-moddasiga muvofiq, bo‘shab qolgan o‘rinlarga senatorlarning saylovi hududiy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida o‘tkaziladi.