Rossiyaning “YuKOS” milliy kompaniyasi sobiq rahbari, muxolif siyosatchi Mixail Xodorkovskiy neft kompaniyasini qonuniy asosda xarid qilganini aytdi. Bu haqda “Interfaks” xabar qildi.
Ilgariroq Rossiya tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Vladimir Markin Xodorkovskiy kompaniyani o‘z pullari hisobiga emas, soxta tuzilmalar orqali qonunga xilof ravishda sotib olganini aytgan edi.
“Men uni, boshqalar singari, o‘sha paytdagi qonunlar asosida xarid qilgan edim”, — deb yozdi Xodorkovskiy Facebook’dagi sahifasida.
“7 yillik boshqaruvim mobaynida kompaniya ikki barobar ko‘proq neft qazib, qayta ishlab chiqara boshladi, razvedka va yangi texnologiyalar tufayli uning zaxiralari ikki barobarga boyidi. 1995-yilda kompaniya, bir barrel neft narxi 17–20 dollar bo‘lgani holda, zararga ishlayotgandi, 1999-yil boshida esa, neft narxi 12–14 dollarga tushib ketsa ham, kompaniya daromadga kirgan edi”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Xodorkovskiy Gaaga sudi Rossiya unga to‘lashini belgilagan 50 milliard dollarga ehtiyoji yo‘qligini, ammo “YuKOS”ning sobiq xodimi Aleksey Pichugin qamoqdan chiqarilguniga qadar bundan bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)