BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Iroq harbiylarini IShID terrorchi guruhiga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar bilan tabrikladi. Bu haqda “TASS” agentligiga asoslanib, “Vedomosti” xabar bermoqda.
Shuningdek, u mamlakat xavfsizlik kuchlari hamda Iroq Kurdistoni qurolli otryadlari — Peshmergaga Mosul va terrorchilar zabt etgan boshqa hududlarni ozod qilishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Pan Gi Mun 25-mart, juma kuni Iroq poytaxti Bag‘dodga tashrif buyurib, mamlakat bosh vaziri Haydar al-Obodiy va tashqi ishlar vaziri Ibrohim al-Ja’fariy bilan uchrashdi. Suhbatda xavfsizlik, iqtisodiyot, gumanitar vaziyat va ijtimoiy islohotlar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Pan Gi Mun Iroq parlamentida chiqish qilib, mamlakatning barcha diniy va etnik guruhlarini terrorga qarshi kurash yo‘lida birlashishga chaqirdi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)