Xitoy sharqidagi Anxoy provinsiyasida 25-mart, juma kuni tongda avtobusning ag‘darilib ketishi oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 30 dan ortiq kishi yaralandi. Bu haqda “Sinxua” agentligi ma’lumotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar beradi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, hodisa Suchjou shahrida mahalliy vaqt bo‘yicha 05:45 atrofida yuz bergan. Avtomagistral to‘sig‘iga urilib, yo‘l chetidagi ariqqa ag‘darilib ketgan avtobusda 37 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Olti nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Qolganlari zudlik bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ulardan besh nafarining ahvoli og‘irligi ma’lum qilingan.
Avariya sabablari hozircha noma’lum. Politsiya surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
Izoh (0)