Ko‘pgina insonlar, har bir musiqachida notalar bor ekan, ularga dirijordan nima naf tegishi mumkinligini tushunmaydi. Shu masalani oydinlashtirish maqsadida Meduza rossiyalik jurnalist va san’atshunos Aleksey Munipovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
Orkestrlarda dirijor qachon paydo bo‘ldi?
Musiqachilarning jamoa bo‘lib kuy ijro etishi qadimdan ma’lum bo‘lgan an’anadir. Albatta, bunday orkestrlarning rasmiy va norasmiy yetakchilari bo‘lgan. Qadimgi Misr barelyeflarida qo‘lida tayoq tutib musiqachilarni boshqarayotgan odamlarning tasvirlari uchraydi. Qadimgi Yunonistonda esa xor rahbarlari — korifeylar temir tovonli shippaklar yordamida musiqaga marom berib turgan. Orkestrlar kengaygan sari (O‘rta asrlarda va Uyg‘onish davrida ular hali kapella deb atalgan), orkestr ijrosi amaliyoti qiyinlashgan sari boshqaruvchi shaxsga bo‘lgan zarurat oshib boraverdi — u marom berib turib, barcha tartib bilan o‘z vaqtida ijroga kirishishini nazorat qilar edi. Ilgari bu ish “battuta” deb atalgan salmoqli aso yordamida amalga oshirilgan, uni yerga urib, marom berib turilgan — bu jarayon aks etgan eng eski tasvirlar XV asrga oid. Bu ish ancha og‘ir va xavfli edi — buyuk fransuz bastakori Jan-Batist Lyulli (1632–1687) mana shunday aso uchi bilan oyog‘ini jarohatlab olib, qorason tufayli olamdan o‘tgan.Kapellalar bilan o‘z musiqasini ijro etgan bastakorlar birinchi dirijorlar bo‘ldi. Ular oyoq bilan yer tepishi yoki, Bax singari, qo‘lidagi qog‘oz o‘ramini silkitishi mumkin edi. Ba’zan bu funksiyani klavesinistlar yoki skripkachilar bajarar, ular kamoncha yordamida ishora berib turar edi. Dirijorlar bir nechta bo‘lishi ham mumkin edi — operada xormeyster qo‘shiqchilarni, konsertmeyster orkestrni boshqarardi. Dirijor musiqachi bo‘lib, u ham yo soz chalar, yo kuylardi. Konsertmeysterlar birinchi skripka partiyasini ijro etib, boshqa musiqachilarga ko‘zlari bilan yoki bosh silkitib ishora berar, ba’zan ijroni to‘xtatib, kamoncha bilan marom berib turar edi.
Dirijor tayoqchasi qanday paydo bo‘ldi?
Tasodifan. Mohiyatan tayoqcha kamoncha va notalar yozilgan qog‘ozning muqobili edi. Dirijorlar tayoqchani XIX asr boshidan qo‘llay boshladi va, tavsiflarga ko‘ra, bu tayoqlar boshida ancha zalvorli bo‘lgan. Aynan XIX asr dirijorlikning alohida kasbga aylanish davri bo‘ldi — ular orkestrlardan ajralib chiqib, maxsus ko‘tarmaga chiqib, o‘sha payt uchun eng g‘alatisi, muxlislarga teskari turib ishlaydigan bo‘ldi. Bu ishni qilgan birinchi odam yo Gektor Berlioz, yo Rixard Vagner bo‘lgan — qaysi biri avvalroq ekani ma’lum emas. XIX asrning o‘ta murakkablashib ketgan va ishtirokchilari soni yuzlab ijrochidan iborat bo‘lgan simfonik orkestrlariga maxsus boshqaruvchi shaxs zarur edi — u ham musiqa chalish, ham boshqarish ishini birvarakayiga bajara olmas edi. Dirijor shaxsi, shubhasiz, romantik an’ana mahsuli edi — qo‘lining bir harakati bilan musiqa massasi va tinglovchilar hissiyotlarini boshqara oladigan yakka daho obrazi unga jo bo‘ldi.Ya’ni, dirijor birinchi navbatda to‘g‘ri ritm berib turish uchun kerakmi?
Kamida ijroni maromga solish, kim qachon qo‘shilishini ko‘rsatib turish — bu juda muhim. Albatta, musiqachilar buni o‘zlari ham kuzatib turishi, taktlarni sanashi va hamkasblarini eshitishi mumkin, ammo bu oson emas, katta simfonik orkestrlarda musiqachilar barcha partiyalarni eshita olmaydi. Ammo dirijorning vazifalari bu bilan cheklanmaydi: u ijroning barcha parametrlariga, barchasi yagona temp va kayfiyatga ega bo‘lishiga javob beradi. Talqin uchun ham u mas’ul — axir bitta asarni turlicha ijro etish mumkin. Tezlikni o‘zgartirish, urg‘ularni boshqacha berish, qismlarning kayfiyatlarini har xil talqin qilish, partiyalarga har xil e’tibor qaratish mumkin. Repetitsiyalarda dirijor shu bilan shug‘ullanadi — musiqachilar bilan partiturani sinchiklab o‘rganib chiqadi, asarning yangrashi va umumiy mazmunidan qoniqmaguniga qadar.Ijro an’anasi uzilib qolganida bu yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi — XVII va XVIII asrning buyuk bastakorlari yaratgan asarlar uzoq vaqt ijro etilmagan, ular o‘sha vaqtlarda qanday yangraganini faqat taxmin qilishimiz mumkin, xolos. Zamonaviy bastakor dirijor bilan butun partiturani ko‘rib chiqishi, o‘z asarini qanday ijro etish borasida maslahat berishi mumkin (albatta, bu masalada dirijor ijodiy erkinlikka ega), Venada esa Iogann Shtraus valslarini Shtrausning rahbarligi ostida ijro etgan musiqachilar hali-hamon bor, lekin “Bax, Vivaldi va Lyullining asarlarini qanday qilib to‘g‘ri ijro etish mumkin?” degan savolga aniq javob yo‘q. U davr notalarida tushuntirishlar juda kam, notalarda ko‘rsatilmagan, lekin zamona musiqachilariga tushunarli bo‘lgan ko‘plab detallar endi hech qachon tiklanmasa kerak. Bu holatda shunchaki notalarga ko‘ra ijro etish mumkin emas: barokko partiturasi deshifrovkasi muammosi murakkab musiqashunoslik detektiviga tengdir. Yaqinda qazo qilgan dirijor Nikolas Arnonkurning kitobini o‘qisangiz, bir narsaga amin bo‘lasiz: tegishli davrning barcha manbalarini o‘rganib chiqish, shu asosda, notalardan foydalangan holda, asar ruhini tiklash lozim.
Bitta asarning qanday yangrashi dirijorning shaxsiga bog‘liqmi?
Aynan. Ikki dirijor bitta simfoniyani o‘xshash ham, boshqacha ham ijro etishi mumkin. Mana buning yaqqol misoli. Baxning bitta asari Karl Rixterva Nikolas Arnonkur dirijorligi ostida.
Izoh (0)