AQSh Milliy xavfsizlik agentligining sobiq xodimi Edvard Snouden FQB va Apple korporatsiyasi o‘rtasida terrorchining smartfonidagi ma’lumotlar daxlsizligi masalasi tufayli yuzaga kelgan ixtilof xususida fikr bildirib o‘tdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
U Apple rahbari Tim Kukning so‘zlarini iqtibos qilib keltirdi: “Apple o‘z hukumati bilan ziddiyat kelib chiqishini kutmagan edi, lekin biz sizning ma’lumotlaringiz va shaxsiy hayotingizni himoya qilishga majburmiz”, va bu so‘zlarga munosabat bildirdi.“2016-yil — jamiyat o‘z xavfsizligi uchun korporatsiyasiga ishonib qolishiga to‘g‘ri kelgan yil. Bu ogohlantiruvchi nishonadir”, — deb yozdi Snouden Twitter’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni AQSh sudi Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga “San-Bernardino mergani”ning telefonini buzib, undagi ma’lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qildi.
Sud qaroriga muvofiq, korporatsiya shu paytga qadar terrorchilardan biri Said Faruqning mobil uskunasi ma’lumotlariga buzib kira olmayotgan FQB xodimlariga maxsus dasturiy ta’minot taqdim etishi talab qilinadi. Korporatsiya rahbari Tim Kuk bunga javoban sud qaroriga rasmiy e’tiroz bildirilishini ta’kidlab o‘tgan edi.
Izoh (0)