Toshkent shahridagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida ITF turkumiga kiruvchi, o‘smirlar o‘rtasidagi Tashkent ITF Juniors tennis musobaqasi 19-mart kuni o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda “Sports.uz” xabar berdi.
Yakkalik bahslari finalida o‘zbekistonlik tennischilar Jo‘rabek Karimov va Humoyun Sultonov o‘zaro bahs olib bordi. Unda 3:6, 6:0, 6:1 hisobi qayd etilib, 2016-yilgi Australian Open vitse-chempioni Jo‘rabek Karimov foydasiga hal bo‘ldi.
Shu tariqa, 17 yoshli o‘zbekistonlik tennischi Tashkent ITF Juniors chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahsi finalida esa rossiyalik Amina Anshba belaruslik Yuliya Xatukaga qarshi bahs olib bordi. Unda 6:3, 6:1 hisobida rossiyalik tennischi g‘alaba qozondi.
Qayd etish kerakki, Jo‘rabek Karimov joriy mavsumda ikkinchi bor o‘smirlar o‘rtasidagi turnir g‘olibi bo‘ldi. Avvalroq, o‘zbekistonlik tennischi Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan “Yeltsin Kubogi” tennis turnirining bosh sovrinini qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)