Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) va Yevropa futbol ittifoqi (UEFA) Gretsiya hukumatini joriy mavsumdagi futbol bo‘yicha mamlakat Kubogi bahslarini yakuniga yetkazishga chaqirdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Joriy yilning 3-mart kuni Gretsiya sport ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Stavros Kontonis mamlakat Kubogi doirasidagi o‘yinlarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Bir kun avval Gretsiya Kubogi yarim final dastlabki o‘yinida PAOK va “Olimpiakos” o‘rtasidagi o‘yin yakuniga yetmagan edi. Uchrashuvni boshqarib borgan hakam munozarali vaziyatda “Olimpiakos” darvozasiga penalti belgilamagani uchun PAOK muxlislari maydonga tushib, pirotexnika vositalarini ishlata boshladi va tartibsizliklar keltirib chiqardi. Ishqibozlarni faqatgina politsiya xodimlari yordamida tinchlantirishga erishildi.
“FIFA ijroiya qo‘mitasi Gretsiya hukumatiga FIFA va UEFA tomonidan mamlakat Kubogi uchrashuvlarini yakuniga yetkazish haqida imzolangan xat yubordi. Agar Kubok bo‘yicha qaror ikki hafta davomida bekor qilinmasa, FIFAning tegishli organlari sanksiyalar kiritish masalasini ko‘rib chiqadi”, – deyiladi FIFA bayonotida.
Gretsiya futbol federatsiyasi Kubok bahslarini bekor qilish “nokonstitutsiyaviy va noqonuniy” hamda xalqaro qoidalarga zid ekanini, shuningdek, ushbu qarorlar mustaqil ravishda mamlakat federatsiyalari tomonidan qabul qilinishi kerakligi haqida ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)