Kecha, 16-mart kuni OChL 3-turi doirasida “Bunyodkor” jamoasi Toshkentda Eronning “Zob Ahan” klubiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda hisob ochilmadi va jamoalar nursiz durang qayd etdi. O‘yindan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida “Zob Ahan” ustozi Yahyo Gulmuhammadi bo‘lib o‘tgan uchrashuv borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Bunyodkor” matbuot xizmati.
“Uchrashuv oson o‘tmasligini ta’kidlagan edim. Himoya chizig‘idagi tartibli o‘yinimiz tufayli Toshkentdan bir ochko bilan qaytyapmiz. Shogirdlarim bugun bor kuchlari bilan harakat qildi. Ulardan xursandman. Ikkala jamoada ham gol urish uchun vaziyatlar bo‘ldi. O‘ylashimcha, o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolgan posbonlar bugungi bahsning eng yaxshilari bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda ‘Bunyodkor’ tajovuzkor o‘yin ko‘rsata boshladi. Bunday pallada ko‘proq himoyani mustahkamlash haqida o‘ylab, hujumga kamroq o‘tdik. Isfahonda bo‘ladigan bahs qaysidir ma’noda biz uchun osonroq o‘tadi. ‘Bunyodkor’, ‘Lahviya’ va ‘An-Nassr’ klublarini Osiyoning kuchli jamoalari, deb o‘ylayman. Ushbu kvartetdan keyingi bosqichga chiqish hech kimga oson bo‘lmaydi. Ammo biz oxirigacha kurashamiz”, – deydi Yahyo Gulmuhammadi.
Ma’lumot o‘rnida, “B” guruhi 3-turidan so‘ng “Zob Ahan” 5 ochko bilan ikkinchi, “Bunyodkor” esa 2 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.
Izoh (0)