Janubiy Afrika Respublikasi Oliy apellyatsiya sudi hukumatning Pretoriya Yuqori sudining Sudan prezidenti Umar al-Bashirni hibsga olish bo‘yicha qaroriga bildirgan e’tirozini rad qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Umar al-Bashir o‘tgan yilning iyun oyida Yoxannesburgda o‘tkazilgan Afrika ittifoqi sammitiga tashrif buyurgan chog‘ida Xalqaro jinoiy sud JAR hukumatidan uni hibsga olib, xalqaro instansiyaga topshirishni talab qilgan edi. Pretoriya Yuqori sudi sudyasi Xans Fabritsius Sudan yetakchisi bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinguniga qadar JAR hududini tark etmasligini tayinladi. Ammo al-Bashir sammitning birinchi ish kunidan so‘ng Sudanga qaytib ketdi.
JARning hukmron “Afrika milliy kongressi” partiyasi Xalqaro jinoiy sudni noxolislikda aybladi. Hukumat vakillarining fikricha, Afrika sammiti mehmoni sifatida mamlakatga tashrif buyurgan al-Bashir daxlsizlik huquqiga ega edi. Ammo Pretoriya sudi JAR Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti ishtirokchisi sifatida uni hibsga olishga majbur, degan qarorga keldi.
Al-Bashir bilan bog‘liq bu janjal Xalqaro jinoiy sudning qit’a davlatlariga nisbatan adolatsizlikda ayblanishiga sabab bo‘ldi. JAR, Keniya va Namibiya Rim statutidan chiqish niyatini rasman bildirdi.
Izoh (0)