Sardor Rashidov: Men ikkinchi Shatskix emas, birinchi Rashidov bo‘lmoqchiman
FIFA rasmiy sayti muxbirlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Qatarning “Al-Jaish” klubi yarim himoyachisi Sardor Rashidov bilan suhbatda bo‘lib, uning Qatardagi faoliyati, milliy terma jamoa, Osiyo chempionati va Jahon chempionati orzulari borasidagi fikrlari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
Qatardagi faoliyati haqida
“‘CR10’ deb atashlari kishini ilhomlantiradi, albatta. Chunki Krishtianu Ronaldu Jahon futbolidagi yorqin yulduz hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, meni Sardor, deya ismim bilan chaqirishsa o‘zimni qulayroq his qilaman. Qatarga o‘zim uchun yangi chorlovlar sabab kelganman. ‘Al-Jaish’ ajoyib jamoa va bu klubda o‘ynashimdan xursandman. Bundan tashqari, xorij chempionatida O‘zbekiston nomini himoya qilishdan faxrlanaman. Doimo Yevropaning kuchli ligalaridan birida o‘ynashni orzu qilganman, ammo ayni vaqtda mahoratimni oshirishga intilyapman. Agar yorqin o‘yin ko‘rsatsam, Yevropada o‘ynash imkoniyati albatta paydo bo‘ladi”.
O‘zbekiston terma jamoasidagi debyut o‘yini haqida
“Vyetnamga qarshi bahsni yaxshi eslayman. Men terma jamoadagi debyutimda gol urdim va bu saralash bosqichida biz uchun g‘alabali onlarni boshlashdagi juda muhim rol o‘ynadi. Murabbiylarim ko‘p bora o‘zimga ishonishim kerakligini aytdi, shu sabab hatto tajribali raqiblar oldida o‘zimni kuchli his qildim. Mana oradan 3 yil o‘tdi va hozir o‘zimga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi. Mening ishim — gol urish. Men hujumchiman va jamoamga yordam berish uchun gol urishim zarur. Iqtidorni sizga yaratgan beradi, ammo siz bu sovg‘ani o‘zi bilan yaxshi futbolchi bo‘la olmaysiz. Siz ter to‘kib mehnat qilishingiz kerak. Mening kuchim yanada rivojlanishni istashimda, deb o‘ylayman. Doimo o‘sishni xohlayman, faqat mehnatgina insonni kuchliroq qilishi mumkin”.
O‘zbekiston terma jamoasining mundialga chiqish imkoniyatlari haqida
“Shatskix buyuk futbolchi. U har bir yosh o‘zbek futbolchisining kumiri. Ammo men ikkinchi Shatskix emas, birinchi Sardor Rashidov bo‘lishni istayman. Men o‘z jamoamga iloji boricha ko‘proq uchrashuvlarda g‘alaba qozonishda yordam berishni xohlayman. Ayni damda keyingi bosqichga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga egamiz. Bu O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi tarkiblardan biri. Muxlislarni Jahon chempionati yo‘llanmasi bilan xursand qilishning vaqti keldi, deb o‘ylayman. Maqsadim O‘zbekiston terma jamoasi bilan mundialda ishtirok etish va buning uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman”.
Izoh (0)