Ertaga, 16-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turida Qatarning “Al-Jaish” jamoasi Qarshining “Nasaf” klubiga qarshi bahs olib boradi. Bo‘lajak o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Nasaf” matbuot xizmati.
- Guruhimizda hozircha “Al-Jaish” jamoasi yetakchilik qilmoqda. BAAning bugungi kundagi eng kuchli jamoalaridan biri “Al-Ayn”dan olti ochko olish bu “Al-Jaish”ning kuchli ekanidan dalolat berib turibdi. Biz jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni ko‘rib chiqdik. Ular tartibli o‘yin ko‘rsatadi va individual jihatdan kuchli futbolchilarga ega. Raqib qarshi hujumlardan ham samarali foydalanishga intiladi. Biz ertangi o‘yinda o‘zimiz uchun ijobiy natijani qo‘lga kiritish uchun harakat qilamiz. Tarkibda yo‘qotishlar yo‘q. Barcha futbolchilar yaxshi kayfiyatda va ertangi bahsga tayyor, – deydi Ro‘ziqul Berdiyev.
“Al-Jaish” — “Nasaf” o‘rtasidagi uchrashuv 16-mart, chorshanba kuni Dohadagi “Abdulloh bin Nosir bin Xalifa” stadionida, Toshkent vaqti bilan 20:45 da boshlanadi.
Ma’lumot uchun, “Al-Jaish” jamoasi OChL 2-turidan so‘ng “D” guruhida 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Nasaf” 3 ochko bilan ikkinchi pog‘onani band qilib turibdi.
Izoh (0)