Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev diplomatik missiyalar rahbarlaridan ishonch yorliqlari qabul qilish marosimida Qozog‘iston O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik hamkori sifatida ko‘rishini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda Oq O‘rdaning rasmiy sayti orqali xabar qilindi.
“Mamlakatlarimizning umumiy chegaralarga ega bo‘lishi ikki tomonlama aloqalarning har tomonlama rivojlantirilishini taqozo qiladi”, — dedi u.
“O‘tgan hafta ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 15-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Erishilgan kelishuvlar realizatsiyasi Qozog‘iston—O‘zbekiston munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishiga ishonchim komil. Biz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning hamma yo‘nalishlari bo‘yicha samarador ishlash uchun barcha imkoniyatlarga egamiz. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning oxirgi tashrifi davomida erishilgan kelishuvga muvofiq, men ham iyun oyida Toshkentga tashrif buyurib, Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishni rejalashtirmoqdaman”, — dedi Nursulton Nazarboyev.
Marosimda O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchisi Ikrom Nazarov Nursulton Nazarboyevga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Izoh (0)