Gollandiyaning Eyndxoven shahrida taekvondo bo‘yicha G1 turkumiga kiruvchi Lotto Dutch Open Taekwondo Championships–2016 musobaqasi yakunlandi, deb xabar beradi “Olamsport”.
12–13-mart kunlari Eyndxoven shahridagi Indoor Sportcentrum Eindhoven sport majmuasida o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida 43-bor o‘tkazilgan nufuzli musobaqada jahonning 1100 nafardan ortiq taekvondo ustalari o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi. Aleksandr Kim boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi taekvondochilari ham mazkur musobaqada katta tarkib bilan ishtirok etdi.
Musobaqaning birinchi kunida -87 kilogramm vazn toifasida dayanga chiqqan o‘zbekistonlik Jasur Boyqo‘ziyev bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi. Kecha, 13-mart kuni musobaqaning so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bittadan oltin, kumush hamda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston termasiga yagona oltin medalni +68 kilogramm vazn toifasida dayanga chiqqan Svetlana Osipova olib keldi. U final bellashuvida xorvatiyalik Ova Pozegani mag‘lubiyatga uchratdi.
-74 kg vazn toifasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazgan o‘zbekistonlik Nikita Rafalovich musobaqaning bronza medalini qo‘lga kiritdi. Rossiyalik Said Ustayev oltin, bolgariyalik Teodor Georgiyev kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Eng og‘ir, +87 kilogramm vazn toifasida amaldagi Jahon chempioni, o‘zbekistonlik Dmitriy Shokin finalgacha mag‘lubiyatsiz yetib borgandi. Final uchrashuvida esa u kutilmaganda jahon reytingida o‘zidan ancha pastda turgan rossiyalik Yuriy Kirichenkoga bitta ochko farqi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu vazn toifasida bronza medallari rossiyalik taekvondochilar Oleg va Roman Kuznetsovlarga nasib etdi.
Qayd etish joiz, Eyndxoven dayanlarida O‘zbekiston sharafini qizlardan Svetlana Osipova (+68 kilogramm), Nigina Rajabova (-46), Go‘zal Norboboyeva (-53), Nazokatxon Najmiddinova (-53), Zarya Qosimova (-53), Dilfuza Xolbo‘tayeva (-62) va Nigora Tursunqulova (-67) himoya qildi. Erkaklar terma jamoasi tarkibidan esa Valentin Xegay (-54 kilogramm), Timurbek O‘rolov (-58), Shahboz Shofayziyev (-68), Nikita Rafalovich (-74), Maksim Rafalovich (-80), Jasur Boyqo‘ziyev (-87) va Dmitriy Shokin (+87) joy olgandi.
Izoh (0)