Joriy yilning 15-mart kuni Toshkentning “Paxtakor” jamoasi Osiyo Chempionlar Ligasi 3-turi doirasida Toshkentda Eronning “Traktorsozi” klubiga qarshi bahs olib boradi. Bo‘lajak o‘yin “Paxtakor” uchun xalqaro maydondagi 100-bellashuvga aylanadi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hozirgacha “Paxtakor” Osiyo klublari o‘rtasidagi musobaqalarda 99 o‘yinda maydonga tushishga ulgurdi. Shulardan 83 tasini toshkentliklar Chempionlar Ligasining hozirgi formatida, qolgan 16 tasini esa Osiyo klublari chempionati va Kubok egalari Kubogida o‘tkazgan.
“Paxtakor” klubi xalqaro maydonda o‘tkazilgan o‘yinlarning 43 tasida g‘alaba qozonib, 18 marta durang o‘ynagan va 38 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragan. Toshkentliklar raqiblar darvozasiga 158 ta gol kiritib, 143 marotaba o‘z darvozalaridan to‘p o‘tkazib yuborgan.
Xalqaro maydonda o‘tkazilgan o‘yinlar ko‘rsatkichi bo‘yicha “Paxtakor” O‘zbekiston klublari orasida peshqadam bo‘lib, yuzlik marrani birinchi bo‘lib bosib o‘tadigan klubga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Osiyo Chempionlar Ligasi 2-turidan so‘ng “Paxtakor” jamoasi “C” guruhida 1 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinni egallab turibdi.
Izoh (0)