Suriya armiyasi va IShID guruhi jangarilari o‘rtasida oxirgi kunlarda Palmira antik shahri bo‘sag‘asida keskin to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda, deb xabar beradi “TASS”. SANA axborot agentligining ma’lum qilishicha, 12-mart, shanba kuni hukumat qo‘shinlari Palmiradan 10 kilometr uzoqlikdagi ikki strategik tepalikni egallagan. Shuningdek, ular al-Bayarat – Jabal – Xayyal yo‘nalishi bo‘yicha chekinayotgan jangarilarni ta’qib qilmoqda.
Suriya cho‘li o‘rtasidagi voha o‘tgan yilning mayida jangarilar qo‘liga o‘tgan edi. Suriya qurolli kuchlari shahardan janubda va g‘arbda bir necha bora harbiy operatsiyalar o‘tkazgan edi. Ammo shaxsiy tarkibda og‘ir yo‘qotishlar ehtimoli yuqoriligi bois hal qiluvchi qamal ortga surib kelindi.
7-mart, dushanba kunidan buyon IShIDning mudofaa pozitsiyalariga artilleriya batareyalari va aviatsiya shiddatli zarbalar bermoqda. Aytilishicha, jangarilar katta yo‘qotishlardan so‘ng Rakkadagi platsdarm tomon chekinmoqda.
Palmiraning ozod qilinishi Suriya hukumatiga Xoms viloyatining sharqiy qismini va Dayr az-Zavrga boradigan shosseni o‘z nazorati ostiga olib, Iroq chegarasiga chiqishga yordam beradi. O‘z navbatida, IShID Suriyada egallab olgan yerlarining 20 foizini yo‘qotadi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)