Istanbul shahri sudi Zaman muxolif gazetasining sobiq muharriri Ekrem Dumanlini hibsga olish haqida qaror chiqardi. “TASS”ning Anadolu agentligiga tayanib xabar berishicha, u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni haqorat qilishda ayblanmoqda.
Gazetaning inglizcha versiyasi — Today’s Zaman’ning sobiq bosh muharriri Bulent Keneshga nisbatan ham shu ko‘rinishdagi ayblovlar ilgari surilgan. Ayblovni Keneshning o‘zi “xatolar yig‘indisi” deb atab, inkor qilmoqda. Uning so‘zlariga qaraganda, sud ko‘rib chiqayotgan, gazetaning veb-versiyasida chop etilgan material Twitter’da Fuat Avni nomi ostida tarqatilgan xabarlarga asoslangan edi. O‘z navbatida, Fuat Avni — hukumatga yaqin manbaning taxallusi.
2015-yil noyabrida Dumanli terrorchilik tashkilotiga rahbarlik qilish va hukumatni ag‘darish maqsadida fitna uyushtirishda ayblangan edi. U 2014-yil dekabrida ham “parallel tuzilma”ga aloqadorlikda ayblanib, izolyatorga joylashtirilgan edi. Ushbu “parallel tuzilma” yoki “maxfiy davlat” (Derin devlet) a’zolari, Anqara rasmiylarining nuqtai nazariga ko‘ra, amaldagi hukumatda turli lavozimlarni egallab keladi va hokimiyatni qo‘lga olish maqsadida ichkaridan qo‘poruvchilik harakatini yuritadi. Ushbu tuzilma a’zolarining ko‘pchiligi diniy muxolifatchi, AQShda yashayotgan Fathulloh Gulen yaratgan “Xizmat” harakati ishtirokchilaridir.
4-mart kuni Istanbul sudi Zaman gazetasi sohibi bo‘lgan Feza Gazetecılık media-guruhiga tashqi vasiylik tayinlash haqida qaror qabul qildi. Politsiya Turkiyada eng ko‘p sotiladigan gazeta tahririyatiga kelganida nashrni qo‘llab-quvvatlovchi bir necha yuz kishi binodagi ashyolarni musodara qilish va tintuv o‘tkazish haqidagi qarorga qarshi norozilik namoyishi doirasida tahririyat binosi oldida to‘plandi. Binoga kirish uchun politsiya ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va vodomyotlardan foydalandi.
Gazetaning nemischa versiyasi — “Zaman Germaniya” bosh muharriri Sulaymon Bagning aytishicha, hukumatning qatag‘onlari oqibatida nashr o‘z ishini Germaniyada davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on prezidentlik mansabiga o‘tirganidan buyon fuqarolarga nisbatan davlat rahbarini haqorat qilish yuzasidan 1845 ta ish ochilgan. Turkiya JKning 299-moddasi bunday huquqbuzarlik 1–5 yillik qamoq jazosi bilan jazolanishini ko‘zda tutadi.
Izoh (0)