Madridning “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning fikricha, jamoaning muvaffaqiyati uchun ayni damda ko‘p narsa yetishmayapti. Bu haqda “Chempionat” xabar bermoqda.
“Bizga hamon ko‘p narsa yetishmayapti: barqarorlik, omad va g‘alabaga bo‘lgan iroda. Shunga qaramay, hozirda to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz. Muxlislarga keladigan bo‘lsak, ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilish doimo muhim”, – deydi portugaliyalik futbolchi.
So‘nggi paytlarda 31 yoshli hujumchi olib borayotgan o‘yini uchun bir necha bor tanqidga uchragan. “Santyago Bernabeu” stadionida muxlislar unga hatto hushtakbozlik ham qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Zinedin Zidan boshchiligidagi jamoa 9-martga o‘tar kechasi YeChLning nimchorak final javob o‘yinida “Roma”ni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqaning chorak finaliga yo‘l oldi. Ispaniya chempionatida esa “Real” jamoasi 60 ochko bilan turnir jadvalining uchinchi pog‘onasini egallab turibdi.
Izoh (0)