Germaniyaning Yena shahridagi Fridrix Shiller nomli universitet olimlari axborotni kichik masofalarga faqatgina kvantli usul bilan uzatish mumkin, degan fikrga chek qo‘ydi. Ular lazerlar tizimidan foydalangan holda klassik Nyuton fizikasi qonunlari doirasida muvaffaqiyatli tajriba o‘tkazib, tadqiqot natijalarini chop etdi, deb xabar beradi “Hi-Tech Mail.ru”.
Tajriba mualliflaridan biri Aleksandr Zameytning tushuntirishicha, elektronlar va fotonlar mohiyatan “chaplangan” holatda mavjud bo‘lgan elementar zarralardir. Ularning makondagi mutlaq joylashuvini aniq-ravshan bilib bo‘lmaydi.
Ammo bunday tizim ichida axborotni “chaplangan” zonada bir nuqtadan boshqasiga vaqt sarflamagan holda uzatish mumkin. Bu jarayon kvantli teleportatsiya deb ataladi.
Zameyt hamkasblari bilan Nyuton fizikasi olami doirasida shu ishni amalga oshira oldi. Buning uchun esa o‘zaro bog‘langan lazerlar tizimidan foydalanildi.
Muayyan tezlikda aylanadigan qutblashuvchi plastinalardan foydalanilsa, klassik fizika qonunlari bilan tavsiflanadigan olamdagi yorug‘lik nurlarini chalkashtirib yuborish mumkin. Shundan so‘ng nurlarni “Yoki” mantiqiy operatsiyasining (dizyunksiya) yorug‘lik variantini realizatsiya qiluvchi uskunadan o‘tkazish talab etiladi. Natijada bitta nurdagi axborot ikkinchisiga o‘tib qoladi.
Axborot sifatida tajribada lazer nurining qutblashtirilishi ko‘rildi. Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, agarda ikkita lazer nuri bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lsa, bu ma’lumotlarni biridan ikkinchisiga darhol o‘tkazish mumkin.
Tadqiqot natijalari teleportatsiyaning faqatgina kvantlar olami fenomeni bo‘lmay, butun Koinot uchun universal ekanligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, kvantli teleportatsiya mahalliy xarakterda bo‘lmay, har qanday masofada ishlaydi. Klassik fizikadagi teleportatsiya esa hozircha faqat qisqa masofalar uchun yaroqli.
Tadqiqot mualliflari yangi uslubda odamni ham, boshqa tirik yoki notirik materiya obyektlarini ham teleportatsiya qilib bo‘lmasligini tan oldi. Ammo metodikadan hisoblash uskunalari ichida tezkor axborot uzatishda, shuningdek, klassik va kvantli qurilmalar o‘rtasida aloqa kanallari tashkil qilishda foydalanish mumkin.
Izoh (0)