AQSh prezidenti Barak Obama ajoyib sog‘liqqa ega, hech qanday xastalikka chalinmagan va prezidentlik muddatining oxirigacha yaxshi jismoniy holatini saqlab qoladi. Bu xulosa Oq Uy matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan tibbiy ko‘rik natijalarida aks etdi, deb xabar beradi “TASS”.
Davlat rahbari fevral oyida bosh shifokori Ronni Jekson nazorati ostida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan edi.
“Prezident sog‘lig‘ining umumiy darajasi juda yaxshi bo‘lib, hatto ilgarigi ko‘rik vaqtidan buyon yanada yaxshilangan ham”, — deydi Jekson.
Ko‘rik natijalariga muvofiq, Obamaning ko‘rish qobiliyati 100 foiz sog‘lom, eshitish, ta’m bilish va nafas olish organlari esa me’yorida ishlamoqda. Uning yurak-tomir va asab tizimlarida hech qanday xastalik va nuqsonlar aniqlamagan. Oshqozon-ichak trakti va tayanch-harakat apparati ham me’yorida. Teri-tanosil xastaliklarining hech qanday izlari topilmagan.
Oq Uydagi yetti yillik faoliyati davomida Obama to‘rtinchi marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ilgarigi dispanserizatsiya 2014-yil iyunida bo‘lgan edi.
Izoh (0)