Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Kuymazor qishlog‘ida futbol bo‘yicha “Kuymazor kubogi” tashkil etildi. Kuymazor mahalla fuqarolar yig‘inidan ma’lum qilishlaricha, musobaqada 20 jamoa ishtirok etgan.

Foto: Kuymazor mahalla fuqarolar yig‘ini

Foto: Kuymazor mahalla fuqarolar yig‘ini

Har bir jamoa tarkibida 16—20 nafardan o‘yinchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, jamoalar yosh toifasi bo‘yicha ajratilgan. Musobaqada 16 yoshdan 36 yoshgacha bo‘lgan havaskor futbolchilar qatnashgan.

Musobaqaning 3-o‘rin uchun uchrashuvida 1991-yilda tug‘ilganlar jamoasi 1997-yilda tavallud topgan o‘yinchilardan tashkil topgan jamoani 1:0 hisobida mag‘lub etgan, finalda 1996-yil yigitlari o‘zidan 10 yosh katta akalari — 1986-yilgilar jamoasiga 3:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

1991-yilda tug‘ilgan Elmurod Eshmatov musobaqaning eng yaxshi to‘purariga aylangan bo‘lsa, 1986-yilda tug‘ilgan Sherali Qahhorov musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Xabar berishlaricha, musobaqa g‘olibi 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlangan.

“Bunday sport musobaqalari yoshlarni jasurlik, halollik ruhida tarbiyalashga, qolaversa, ularning sportga mehr qo‘yishiga sababchi bo‘ladi”, — deydi Kuymazor mahalla fuqarolar yig‘ini maslahatchisi Rislig‘oy Homidova.