Chexiyaning shimoli-g‘arbida joylashgan Louni shahri yaqinida 9-mart, chorshanba kuni sirpanchiq yo‘lda maktab avtobusi ag‘darilib ketdi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, 18 kishi turli darajada jarohat olgan. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Respublika qutqaruv xizmati vakili Lukash Marvanning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida qancha odam jabrlanganligi aniqlashtirilmoqda. Voqea joyida qutqaruv va tez tibbiy yordamning yettita jamoasi ish olib bormoqda. U yerga Pragadan mutaxassislar yuborilgan. Avtobusda 30 nafar bola va to‘rt nafar katta yoshdagi odam bo‘lgan.
Marvanning ta’kidlashicha, faqat baxtli tasodif tufayli hech kim halok bo‘lmagan. Avariyaga avtobusning muzlagan yo‘lda yuqori tezlikda harakatlanganligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)