Bugun, 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi bilan hamkorlikda “Xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishi” mavzusida onlayn-trening tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.
Onlayn-trening oliy ta’limdan keyingi ta’lim samaradorligini ta’minlash hamda oliy ta’lim muassasalarida oliy malakali pedagog kadrlar tayyorlash, ularni malakasini oshirish va qayta tayyorlashning xorijiy mamlakatlar tajribasini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Onlayn-treningda Respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasalari vakillari (prorektorlari, o‘qituvchilari, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, magistrantlar va iqtidorli talabalar), shuningdek, britaniyalik hamkorlar ishtirok etdi. Xususan, Bata universiteti professori Ian Kroufford, Kembrij universitetining Markaziy Osiyo forumi raisi Sitxart Montu Saksena, Birmingem Siti Universiteti professori Fatime Rabi-xan va London Metropolitan Universiteti professori Daniela Daer xalqaro standartlarga mos keluvchi ta’lim sifatini ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini modernizatsiyalash va takomillashtirish bo‘yicha tajriba almashdi.
Onlayn-trening natijasida xorijiy va milliy ekspertlar o‘quv dasturlarini va oliy ta’lim muassasalari uchun ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi hamkorlik xususida kelishib oldi.
Izoh (0)