O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari Hindiston iste’molchilar assotsiatsiyasi taklifiga binoan mamlakatning Tamil-Nadu shtatidagi Chennay shahrida bo‘ldi, deya xabar bermoqda “O‘zA”.
Safar doirasida ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan. Marosimda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi J.Sarimsoqov, Hindiston iste’molchilar assotsiatsiyasi raisi N.Desikan va boshqalar ishtirok etgan.Tashrif davomida iste’molchilar huquqlarini himoyalash, oziq-ovqat xavfsizligi, tovar va xizmatlarni baholash kabi mavzularda interfaol o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, federatsiyaning faoliyati to‘g‘risida taqdimot roligi namoyish etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Tamil-Nadu shtati Fuqarolarni oziq-ovqat bilan ta’minlash va iste’molchilarni himoya qilish departamenti hamda kichik biznes vakillariga kredit beradigan Equitas Holdings Limited tashkilotining faoliyati bilan tanishdi.