O‘zbekistonning ikkinchi raketkasi Farrux Do‘stov Fransiyaning Kemper shahri mezbonlik qilayotgan “Chellenjer” turkumidagi tennis turniri yakkalik bahslarining ilk uchrashuvida g‘alabaga erishdi. Bu haqda “Olamsport” xabar bermoqda.
Sovrin jamg‘armasi 42500 yevroni tashkil qiluvchi musobaqaning ilk davrasida 29 yoshli o‘zbekistonlik tennischi turnirning yettinchi raketkasi bo‘lgan fransiyalik Kenni De Shepperga qarshi kortga chiqdi. Bir soatu 54 daqiqa davom etgan bellashuvda Do‘stov 7:6, 4:6, 6:3 hisobida g‘alaba qozondi.
Taqqoslash uchun, Farrux Do‘stov ATP reytingida 218, Kenni De Shepper esa 142-o‘rinni egallab turibdi.
Musobaqaning ikkinchi davrasida o‘zbekistonlik tennischi Igor Siyslingga qarshi kortga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning juftliklar bahsida italiyalik Andrea Arnaboldi bilan tandem hosil qilgan Do‘stov birinchi davrada mezbon tennischilar Devid Guez hamda Maksim Teysheraga 5:7, 0:6 hisobida yutqazib qo‘ygandi.