AQSh Mudofaa vazirligi qoshida Innovatsiyalar bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi. Bu haqda Pentagon rahbari Eshton Karter kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan konferensiyada ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
Uning so‘zlariga qaraganda, AQSh harbiy boshqarmasining yangi organini Amerikaning Alphabet xolding kompaniyasi rahbari Erik Shmidt boshqaradi. Kengashning jami a’zolari soni 12 kishidan oshmaydi.Pentagon matbuot kotibi Piter Kukning ma’lum qilishicha, so‘z yirik xususiy va davlat korxonalarini muvaffaqiyatli boshqarayotgan va yangi texnologik g‘oyalarni tatbiq etayotgan kishilar haqida bormoqda. Shu bilan birga u kengash harbiy operatsiyalar va strategiyalarni muhokama qilishda ishtirok etmasligini ta’kidlab o‘tdi.
Kengash Pentagonga biror texnika prototipini zudlik bilan yaratish, interaktiv mahsulotlar ishlab chiqarish, biznes rejalarni ishlab chiqishda murakkab ma’lumotlarni tahlil qilish hamda mobil va “bulutli” dasturlardan foydalanishda yordam beradi.