Qirg‘izistonning O‘sh shahrini Tojikistonning Xorug‘ va Dushanbe shaharlari bilan bog‘laydigan Pomir trakti jahondagi eng chiroyli avtoyo‘llar reytingida ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Reyting National Geographic Russia nashri tomonidan tuzilgan.
Birinchi pog‘onani Fransiyadagi Verdon darasi egalladi. Undan keyingi sovrinli o‘rinlarni, Pomir traktidan tashqari, Alyaskani kesib o‘tadigan Dalton–Xayvey yo‘li band etdi.
Reytingga, shuningdek, Transfegerash shossesi (Ruminiya), Chu trakti (Rossiya), Atlantika yo‘li (Norvegiya), Katta darvoza yo‘li (Xitoy), Argentinadagi 40-trassa, Katta doira (AQSh) va Buyuk okean yo‘li (Avstraliya) ham kirgan.
Pomir trakti MDH hududidagi eng baland tog‘ yo‘li hisoblanadi. Bu tuproqli avtomobil trassasi Pomirning uch asosiy dovoni — Toldiq (3615 metr), Qizilart (4280 metr), Oqbaytal (4655 metr)dan o‘tadi.
Traktning O‘shni Xorug‘ bilan bog‘laydigan sharqiy qismi 1931–1934-yillarda qurilgan. Bu yo‘ldan yurgan sayyohlar yam-yashil adirlar, yakkam-dukkam o‘tov va chaylalar, shuningdek, Pomir milliy bog‘i va Ibn Sino cho‘qqisi (7134 metr) yonidan o‘tadi.
Bundan tashqari, ko‘pchilik dengiz sathidan 3914 metr balandlikdagi Qorako‘l yaqinida to‘xtab o‘tadi. Bu yerdan Pomir tizmasiga ko‘tarilish boshlanadi.
Traktdan chetlashgan taqdirda, sayyohlar yana bir qancha diqqatga sazovor obyektlarga duch keladi: “Xayr, yoshlik” dovoni, Yamchun otashparastlar qal’asi, Bibi-Fotima qaynar buloqlari va hokazo.
Izoh (0)