Forbes Russia davlat amaldorlarining eng boy rafiqalari reytingini e’lon qildi. Meduza’ning yozishicha, reyting 2014-yilda topshirilgan daromad deklaratsiyalarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar asosida tuzilgan.
Unda birinchi o‘rinni Bryansk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Bogomazning rafiqasi Olga Bogomaz egalladi: uning yillik daromadi 695,4 million rublni tashkil qildi.
Ikkinchi o‘rinni Tula viloyati gubernatori Vladimir Gruzdevning rafiqasi Olga Gruzdeva band qildi. 2014-yilda u 619,5 million rubl miqdorida daromad ko‘rganini o‘z deklaratsiyasida aks ettirgan.
Gruzdeva turli yillarda “Sedmoy kontinent” tarmog‘i, “Finservis” banki, “Modniy kontinent” kompaniyasi aksiyalariga egalik qilgan. “Sedmoy kontinent” asoschilaridan biri bo‘lgan Vladimir Gruzdevning o‘zi 2014-yilda 1,1 milliard rubl daromad qilgan.
Uchlikka Davlat Dumasi deputati Sergey Vaynshteynning rafiqasi Yekaterina Vaynshteyn yakun yasadi. 2014-yilda ayol 253 million rubl daromad ko‘rdi. U Chelyabinskdagi “Dializ markazi”ni Germaniyaning B. Braun kompaniyasiga sotgani uchun reytingga kira oldi.
Izoh (0)