Ertaga, 2-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasining “D” guruhi 2-turi doirasida Qarshining “Nasaf” jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining “Al-Ahli” futbolchilarini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “Al-Ahli” bosh murabbiyi Kristian Gross bo‘lajak o‘yin haqida fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Voha.uz”.
– “Nasaf” bilan juda qiyin uchrashuvni o‘tkazib, g‘alaba qozongandik. Qarshiga yana ijobiy natija uchun keldik. Ertaga biz uchun qiyin uchrashuv bo‘lishini sezib turibmiz. Shunday bo‘lsa-da, ijobiy natija uchun o‘ynaymiz, — deydi Kristian Gross.
“Al-Ahli” himoyachisi Komil al-Muso ham ertangi o‘yin haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
– Biz ertaga O‘zbekistonning eng kuchli jamoasi bo‘lmish “Nasaf” bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazamiz. Raqibimiz juda kuchli, shuning uchun bizga oson o‘yin bo‘lmaydi. Ammo biz ertaga ijobiy natija uchun maydonga tushishga tayyormiz, — deydi Komil al-Muso.
Shundan so‘ng “Al-Ahli” ustozi jurnalistlarning bir qator savollariga javob qaytardi.
– Sizningcha, o‘tgan yilgi “Nasaf” bilan bu yilgi “Nasaf”ning farqi nimada?
– Jamoa o‘yinida katta o‘zgarishlarni sezmadim, ammo, o‘tgan o‘yinda maydonga tushmagan 18-raqamdagi Bahrom Abdurahimov ertaga o‘ynashi mumkin. Ushbu futbolchi juda tez harakat qiladi. U jamoaning o‘tgan o‘yinidagi chap qanot muammosini hal qilishi mumkin. Oldin ham aytganman, jamoada boshqa kuchli o‘yinchilar ham yetarli darajada. Jamoa juda tezkor o‘yin namoyish etadi.
– Nima uchun ayrim yetakchi o‘yinchilaringiz Qarshiga kelmadi?
– Ushbu o‘yinchilarimiz kelmasa ham jamoamizda tajribali o‘yinchilar yetarli. Zaxira o‘rindig‘imiz ham kuchli, xavotirga asos yo‘q.
– Guruhda qaysi jamoaning OChLdagi imkoniyati yuqori deb hisoblaysiz?
– Hozir bir narsa aytish qiyin. Faqatgina “Nasaf” jamoasi o‘yinini ko‘rdik, qolgan jamoalar esa qay darajada ekanligidan hozircha xabarim yo‘q. Ammo “Nasaf” ham bemalol yuqori natijalarga da’vogarlik qila oladigan jamoa.
– Siz doimo “Nasaf” jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev to‘g‘risida iliq fikrlar bildirib kelasiz, sizga uning qaysi jihatlari ko‘proq yoqadi?
– Biz murabbiylar doimo bir-birimizga chuqur hurmatda bo‘lishga harakat qilamiz. Berdiyev zamonaviy futbolni yaxshi biladi, jamoani tezkor o‘ynashga o‘rgatgan. Shuningdek, yaqinda bo‘lib o‘tgan Superkubok uchrashuvini ham ko‘rdim, ushbu o‘yin fikrimga yaqqol dalil bo‘la oladi. “Nasaf” ajoyib o‘yin namoyish etdi. Albatta, jamoaning bunday yutuqlari zamirida Berdiyevning katta mehnati yotibdi.
“Nasaf” — “Al-Ahli” uchrashuvi 2-mart, chorshanba kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionida, Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi.
Izoh (0)