Ertaga, 1-mart kuni Osiyo Chempionlar Ligasining “B” guruhi 2-turi doirasida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining “An-Nassr” futbolchilarini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida “An-Nassr” bosh murabbiyi Raul Kaneda bo‘lajak o‘yin haqida fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Bunyodkor” klubi matbuot xizmati.
- Ajoyib insonlari va ob-havosi bor Toshkent shahrida bo‘lib turganimizdan xursandmiz. “Bunyodkor” – yosh va iqtidorli futbolchilardan tashkil topgan kuchli jamoa. O‘z maydonimizdagi bahsda durang qayd etdik. Endi “Bunyodkor”ni yutishga harakat qilamiz. Toshkentga uch ochko ilinjida keldik. O‘ylashimcha, bu guruhdan kuchli jamoalar joy olgan. Shu boisdan ham kurash so‘nggi turgacha davom etadi. Jamoada ish boshlaganimga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, lekin qo‘l ostimdagi futbolchilarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Futbolchilarimda chempionlik ruhi bor. “Bunyodkor”ning kuchiga va imkoniyatlariga hurmat bilan qarayman. “Al-Vahda”ga qarshi o‘tkazgan so‘nggi o‘yinimizdan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, biz ishlashda va o‘sishda davom etamiz. Qachondir albatta yutamiz. Shundan so‘ng bizni to‘xtatishni imkoni bo‘lmaydi, — deydi Raul Kaneda.
Shundan so‘ng “An-Nassr” hujumchisi Hasan al-Raheb ertangi o‘yin haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.
- “Bunyodkor” – juda kuchli jamoa. Biroq, murabbiyimiz aytganidek, Toshkentga g‘alaba qozonish uchun keldik. Rostini aytsam, o‘z maydonimizdagi durang biz uchun mag‘lubiyatga teng bo‘ldi. Bu yerda birinchi g‘alabamizni nishonlamoqchimiz, — deydi Hasan al-Raheb.
“Bunyodkor” — “An-Nassr” uchrashuvi ertaga, 1-mart kuni “Bunyodkor” stadionida, Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi. Uchrashuvni malayziyalik hakamlar guruhi boshqaradi.
Eslatib o‘tamiz, OChL–2016 guruh bosqichining 1-turida “Bunyodkor” Saudiya Arabistonida “An-Nassr” mehmoni bo‘lib, 3:3 hisobida durang qayd etgandi.
Izoh (0)