Kreml rasmiylari Ramzan Qodirov haqida uning aytayotgan so‘zlari va berayotgan bayonotlariga qarab emas, olib borgan faoliyati natijalariga qarab xulosa qiladi. Bu haqda, “TASS” xabariga ko‘ra, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tdi.
“Qodirovning bayonotlariga kelsak, kishi iste’foga chiqadimi-yo‘qmi — bu bizning mavzu emas. Biz bunda davlat rahbari beradigan baholarga tayanib ish ko‘ramiz”, — dedi Peskov.
“Umuman olganda, Rossiya mintaqalari rahbarlarining faoliyati samaradorligini ko‘plab tashkilotlar baholab boradi”, – qo‘shimcha qildi Peskov.
Eslatib o‘tamiz, Ramzan Qodirovning Checheniston rahbari sifatidagi vakolati muddati 2016-yilning 5-aprelida nihoyasiga yetadi. U avvalroq lavozimida qolishni istamayotgani, biroq bunga zarurat bo‘lsa, faoliyatini davom ettirishini bildirgan edi. Dmitriy Peskov uning kelgusi taqdiri haqidagi qaror uning vakolati tugaganidan so‘ng qabul qilinishini aytib o‘tgan edi.
Izoh (0)