Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu kecha, 27-fevral kuni “Santyago Bernabeu”da “Atletiko”ga qarshi (0:1) Ispaniya chempionatining 26-tur o‘yinidan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda “Chempionat” xabar bermoqda.
“Agar jamoa menga o‘xshab yuqori darajada o‘ynaganida, ‘Real’ birinchi o‘rinda bo‘lardi. Matbuot meni sport formamni yo‘qotgan deydi, ammo, raqamlar va statistika yolg‘on gapirmaydi. Boshqa futbolchilar yuqori darajada emas, demayman. Xese, Kovachich, Lukas juda yaxshi o‘yinchilar. Danilo esa kecha barchadan yaxshi o‘ynadi. Jamoadoshlarimni tanqid qilmoqchi emasman, lekin, ‘Real’ga Benzema va Marselo singari futbolchilar kerak.
Menga Beyl bilan birga maydonda harakat qilish yoqadi, ammo, uning jarohati bor va bizga usiz o‘ynash qiyin. Marselo ham jarohatlangan. Umuman olganda, jarohatlar jamoaning natijalariga ta’sir o‘tkazmoqda. Balki, mavsumoldi tayyorgarlik jarayoni sust bo‘lgani uchun shunday bo‘layotgandir”, — deydi Krishtianu Ronaldu.
“Atletiko” g‘alabadan so‘ng ochkolar sonini 58 taga yetkazib oldi. “Real” 54 ochko bilan qolib ketdi. Birinchi o‘rinda borayotgan “Barselona” hisobida 63 ochko va bitta zaxira o‘yini mavjud.
Oldinroq “Real” ustozi Zinedin Zidan Ispaniya chempionatida kurash yakunlanganini bildirgandi.
Izoh (0)