Rossiya mudofaa vazirligi Bellingcat xalqaro tadqiqot guruhining ayblovlarini inkor qilmoqda. Meduza nashrining “RBK” keltirgan ma’lumotlar asosida yozishicha, Ukraina sharqida qulagan Malayziyaning Boeing MH17 samolyoti halokatiga Rossiya harbiylarining aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi hisoboti bu e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
“Qurollanishda bo‘lgan birorta havo hujumiga qarshi mudofaa majmuasi Rossiya—Ukraina chegarasini kesib o‘tmagan”, – deyiladi nashrning so‘roviga mudofaa vazirligi matbuot xizmati tomonidan berilgan javobda.
Idora vakili Aleksey Komarov Bellingcat’ning hisobotlarini “konspirativ nazariya” deb atab, ular “hatto izohlashga arzimaydi”, deb hisobladi.
“Muqaddam Bellingcat chop etgan materiallar ko‘p bora blogerlar va ekspertlar tarafidan inkor qilingandi”, – deb ta’kidladi u.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Bellingcat Ukraina sharqida Malayziyaning Boeing MH17 samolyoti urib tushirilishi borasidagi yangi faktlar oshkor etilgan hisobotni e’lon qildi. Hujjatda aytilishicha, samolyot Rossiyaning 53-zenit-raketa brigadasi harbiy xizmatchilari tomonidan “Buk” uskunasi yordamida urib tushirilgan.
Guruh mutaxassislari samolyotni urib tushirishga aloqador bir necha harbiy xizmatchining nomini keltirdi. Shunga qaramay, ta’kidlanishicha, jinoyatni kim ijro etganidan qat’iy nazar, “MH17 yo‘lovchilarini Rossiya qurolli kuchlari va, aftidan, rossiyalik harbiylar tomonidan taqdim etilgan qurol yordamida halok qilish uchun javobgarlik Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi va Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Vladimir Putin zimmasidadir”.
Izoh (0)