Shu kunlarda AQSh poytaxti Vashingtonda tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. “TASS” agentligining ma’lum qilishicha, shaharda tramvaylarning yurishi 54 yil muqaddam to‘xtatilgan edi.
Shahar ma’muriyati bergan ma’lumotga ko‘ra, 27-fevral, shanba kuni Vashington tramvayining hozircha yagona, 3,5 kilometr uzunlikdagi yo‘nalishi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
10 yil ilgari Vashingtonda tramvay qatnovini qaytadan ishga tushirish harakati boshlangan, ammo xarajatlarning kutilganidan ortiq bo‘lgani tufayli oxiriga yetmagan edi. Shu paytga qadar bu maqsadlarga 200 million dollar sarflandi. Vashingtonning uch nafar meri bu masala bilan shug‘ullangan, ammo 27-fevral kuni birinchi tramvay yo‘nalishini mazkur masala ustida bosh qotirgan to‘rtinchi mer – Myuriyel Bauzer ochib beradi.
Hozircha tramvaylarning qatnash va to‘lov tartiblari to‘liq ishlab chiqilmagan. Shu bois bir muddat yo‘lovchilarga bepul xizmat ko‘rsatiladi. Taxmin qilinishicha, tramvaylar haftasiga olti kun, dushanbadan shanbagacha harakat qiladi, tramvaylar qatnovi orasidagi farq 15 daqiqani tashkil etadi.
Kelajakda boshqa yo‘nalishlarni ham qurib bitirish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)