Dunyodagi eng kambag‘al davlatlardan biri bo‘lgan Nigerda prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. “TASS” agentligining Mustaqil saylov komissiyasiga tayanib ma’lumot berishicha, mamlakatning 7,5 million fuqarosi ovoz berish huquqiga ega.
Prezidentlikka nomzodlar orasida (jami 15 kishi) amaldagi davlat rahbari, 63 yoshli Maxamadu Issufu ham bor. Uning eng nufuzli raqiblari – “Rivojlangan jamiyat uchun milliy harakat – Nassara” partiyasi raisi Seyni Umaru, “Afrika federatsiyasi uchun Niger demokratik harakati – Lumana Afrika” partiyasi yetakchisi Xama Amadu, mamlakatning demokratik yo‘l bilan saylangan birinchi prezidenti Maxaman Usman, “Demokratiya va respublika uchun ittifoq – Tabbat” partiyasi raisi Amadu Bubakar Sisse bor.
Bundan tashqari, Nigerning bir palatali parlamenti – 113 o‘rinli Milliy kengashga ham saylovlar bo‘lib o‘tadi.
Mustaqil saylov komissiyasi raisi Ibrahim Bubening xabar qilishicha, natijalar ovoz berishdan besh kun o‘tib e’lon qilinadi.
Izoh (0)