Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini va Yevrokomissiyaning gumanitar masalalar bo‘yicha a’zosi Xristos Stilianides Suriya shimolidagi Aleppo va Idlibdagi tibbiyot muassasalari va maktablarga qarshi hujumni qoraladi va buni yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb atadi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
“Bugun Idlib provinsiyasi va Azaza hududidagi to‘rtta shifoxonaga hujum kamida yetti nafar begunoh insonni hayotdan olib ketdi. Bundan tashqari, Azazadagi ikki maktabga hujum olti nafar bolaning halok bo‘lishiga olib keldi”, — deyiladi YeI yuqori mansabdor vakillarining 15-fevral, dushanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida.
Unda ta’kidlanishicha, Suriyada deyarli har kuni xalqaro gumanitar huquqni ochiqdan-ochiq buzib, fuqarolik infratuzilmalariga nisbatan hujumlar amalga oshirilmoqda. Hujjatda juda og‘ir sharoitlarda qutqaruv ishlarini amalga oshirayotgan gumanitar tashkilotlar himoya qilinishi lozimligi ta’kidlangan.
Qo‘shma bayonotda ma’lum qilinishicha, shifoxonalarning uchdan biri faoliyat yuritmayapti, Suriya shifokorlarining yarmiga yaqini mamlakatdan qochishga majbur bo‘lgan.
Izoh (0)