Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar va kattalar terma jamoasi a’zolari shu kunlarda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilayotgan Turkish Open-2016 xalqaro turnirida ishtirok etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
14—16-fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur xalqaro turnirning kattalar o‘rtasidagi musobaqasida 14 nafar o‘zbekistonlik sportchi: Jasur Boyqo‘ziyev, Nikita va Maksim Rafalovich, Temurbek O‘rolov, Abror Nuritdinov, Valentin Xegay, Dilfuza Xolbo‘tayeva, Dinoraxon Mamatibragimova, Go‘zal Norboboyeva, Zariya Qosimova, Nigina Rajabova, Nigora Tursunqulova, Nazokat Najmiddinova, Shahboz Shofayziyev g‘oliblik uchun kurash olib borsa, o‘smirlar terma jamoasi tarkibidan Svetlana Osipova, Vlada Pan, Sardor Toirov, Nafisa Qamchibekova, Nafosat Rahimjonova, Madina Mannopova, Charos Qayumova, Mushtariybegim Mavlonovalar o‘rin egallagan.
Kecha, 14-fevral kuni kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan birinchi kungi bahslarda uch nafar o‘zbekistonlik sportchi sovrindorlar safidan o‘rin egalladi. Jumladan, Nikita Rafalovich barcha raqiblari ustidan zafar quchib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Jasur Boyqo‘ziyev va Maksim Rafalovich finalga qadar kechgan janglarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, kumush medal sovrindori bo‘ldi.
Izoh (0)