Kaliforniya qamoqxonasida Robert Kennedini (1925—1968) o‘ldirganligi uchun umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan mahbusni muddatidan oldin ozod etish 15-marta rad etildi. Bu haqda “TASS” xabar beradi.
Hozir 71 yoshda bo‘lgan iordaniyalik Sirxan Sirxan yetarli darajada pushaymon bo‘lmagan va o‘z jinoyatining og‘irlik darajasini tushunib yetmagan. Mahbus bilan Plezent-Velleydagi qamoqxona binosida uch soatdan ortiq davom etgan uchrashuvdan so‘ng, muddatidan avval shartli ravishda ozod etish komissiyasining a’zolari 10-fevral, chorshanba kuni yuqoridagi xulosaga kelgan.
Sirxan hamon jinoyatda o‘zini aybdor deb tan olishdan bosh tortmoqda. U xotirasining susayganligi tufayli 1968-yilda “Ambassador” mehmonxonasida Kennedi va yana besh kishiga qanday qilib o‘q uzganligini eslay olmasligini ta’kidlashda davom etmoqda.
Robert Kennedi 1968-yilda AQSh prezidentligi lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ygan edi. Kaliforniyadagi dastlabki saylovlarda g‘olib bo‘lgan siyosatchiga nisbatan o‘sha yilning 6-iyun kuni suiqasd uyushtirilgan edi.