AQShning Ouk-Ridj shahrida (Tennessi shtati) joylashgan Y-12 yadro kompleksi xodimlari 20 yil mobaynida uran bilan ishlash bo‘yicha maxfiy hujjatlarni oddiy chiqindi bilan birga yo‘q qilib kelgan. Ushbu surishtiruv natijalarini Vashingtondagi “Jamoatchilik hayotidagi haqiqat uchun markazi” (The Center for Public Integrity) chop etdi, deb xabar beradi “TASS”.
AQSh hukumatiga ushbu qoidabuzilishlar haqida birinchi marta 2014-yilning iyunida ma’lum bo‘lgan edi. O‘shanda obyektda ishlovchi farroshlar odatdagi chiqindi uchun mo‘ljallangan qoplardan maxfiy hujjatlar paketini topib olgan edi.
Odatiy chiqindi savatiga nafaqat “maxfiy” va “o‘ta maxfiy” belgisi ostidagi hujjatlar, balki ushbu belgilar qo‘yilishi kerak bo‘lgan qog‘ozlar ham tashlab yuborilgan. Ularda, jumladan, obyektda saqlanayotgan yuqori boyitilgan uranning holati haqidagi ma’lumotlar ham bo‘lgan.
Energetika vazirligi kompleksning faoliyat yuritishi uchun javob bergan Babcock & Wilcox Technical Services kompaniyasini beparvolik uchun 240 ming dollarga teng jarimaga tortmoqchi bo‘lgan. Biroq bir qator muzokaralardan so‘ng, ushbu summani undirmaslikka qaror qilgan va faqat mukofot to‘lovlarini ushlab qolgan.
Izoh (0)