Xalqaro arbitraj sudi Eronga 2011—2015-yillarda Turkiyaga eksport qilingan gaz narxini 10—15 foiz tushirish va bir milliard dollar atrofida tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi. Bu haqda Eron neft vazirining o‘rinbosari Hamid Rizo Arakiy ma’lum qildi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: EPA

Foto: EPA

“Sud qarori yakuniy, ammo Eron to‘lashi lozim bo‘lgan summa hali aniqlangani yo‘q”, — dedi Arakiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompensatsiya bir milliard dollar atrofida bo‘ladi, tomonlar tovon puli qanday to‘lanishi masalasini keyinroq hal qiladi.

Tehron va Anqara gaz uchun chegirmalarni o‘zaro hal qilishga urindi, ammo tomonlar biror kelishuvga erishmagach, Turkiya 2012-yilda Xalqaro arbitraj sudiga murojaat qilib, Erondan import qilinadigan gaz narxini ko‘rib chiqishni talab qildi.

Eron Turkiyaga o‘z gazini 2001-yildan beri sotib keladi va yiliga 10 milliard kub metr gaz yetkazib beradi. Bu borada u Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Eron gazining narxi rasman oshkor qilinmaydi. OAVlar xabariga ko‘ra, uning ming kub metri 490 dollarni tashkil etadi, bu Turkiya Rossiya va Ozarbayjondan xarid qiladigan gaz narxidan balandroqdir. Turkiya Eron gazi narxini 25 foizga tushirishni talab qilmoqda.