O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligi munosabati bilan fevral oyi umumta’lim maktablarida “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” oyligi deb e’lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan Navoiy va Boburning ijodi va faoliyatini o‘rganish tadbirlari rejasi ishlab chiqildi. Maktablarda “Navoiyxonlik” va “Boburxonlik” kunlarini o‘tkazish yuzasidan metodik tavsiya tayyorlanib, umumta’lim maktablariga yetkazib berilmoqda. Unga muvofiq “Navoiy va Bobur ijodida Vatan madhi”, “O‘zbek adabiy tili rivojida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o‘rni” mavzularida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi.
Yosh pedagoglar o‘rtasida bahru baytlar, mutafakkirlarning maktab darsliklarida o‘rganiladigan asarlari bo‘yicha “Eng yaxshi dars ishlanmasi”, “Eng yaxshi tadbir ishlanmasi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi. Ta’lim muassasalarida Navoiy va Bobur siymosi, hikmatli so‘zlari, ijodi va faoliyati aks etgan ko‘rgazmalar tashkil etiladi.
Toshkentdagi umumta’lim maktablarida “Ajdodlari ulug‘ yurt farzandiman”, “Navoiy va Bobur ijodi shaydosiman”, “Ajdodlarga munosib farzand bo‘laylik” mavzularida diktant, bayon va insholar tanlovi, “G‘azalxon o‘quvchi”, “Ruboiylar ixlosmandi” ko‘rik-tanlovlari o‘tkaziladi. Shuningdek, “Navoiy ijodida komil inson tarbiyasi”, “Bobur ma’naviy merosining inson kamolotidagi ahamiyati” mavzularida adabiyotshunos olimlar bilan davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.