Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz fuqarolar soni yanvar oyining oxiriga kelib bir million kishidan oshdi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib, Meduza xabar beradi.
Yanvar oyining oxirgi haftasida ishsiz fuqarolar sonining oshishi Rossiya Federatsiyasining 82 ta subyektida qayd etildi. Eng ko‘p o‘sish Tiva, Qrim, Oltoy, Buryatiya, Adigeya, Boshqirdiston, Mariy El, Mordoviya, Chuvashiya, Kabarda-Balkariya respublikalari hamda Magadan, Kostroma, Saxalin, Ryazan, Omsk, Bryansk, Voronej va boshqa viloyatlarda qayd etilgan.
Ishsiz fuqarolar sonining ushbu davr ichida kamayishi uchta hududda: Komi, Ingushetiya respublikalari va Kirov viloyatida kuzatildi.
“2016-yilning 20—27-yanvar kunlari davomida rasman ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz fuqarolar soni 3,4 foizga oshib, jami 1 001 111 kishini tashkil etdi (2016-yilning 20-yanvar holatiga – 968 639 kishi)”, — deyiladi boshqarma xabarida.
Izoh (0)