Dehli shahri politsiya xodimlari adashib qolgan keksa ayolning oilasini Twitter’dan foydalanib qidirib topdi. Mashable nashrining ma’lum qilishicha, buning uchun ikki soat vaqt kerak bo‘ldi, deb xabar beradi “Hi-tech.mail.ru”.
Dehli shahri politsiyasi ertalabki ibodatdan so‘ng ibodatxona ostonasida turgan keksa ayolni uchratdi. 80 yoshli ayol Alsgeymer xastaligi tufayli uyga qaytish yo‘li hamda manzilini eslay olmagan.
Shundan keyin shahar politsiyasi komissar o‘rinbosari Twitter’ga ayolni tanigan kishilar politsiya boshqarmasiga murojaat qilishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarni joylashtirdi. Shaharning mashhur tadbirkorlaridan biri komissar o‘rinbosarining tvitini o‘zining Facebook’dagi sahifasiga ko‘chirdi.
Oradan ikki soat o‘tmasdan, keksa ayolning qarindoshlari unga xabar yozdi. O‘z navbatida, tadbirkor politsiya bilan bog‘lanib, ularga oila bilan aloqa bog‘lash uchun zarur ma’lumotlarni yetkazdi.
Dehli politsiyasi 2015-yilning dekabrida Twitter’da rasmiy akkauntga ega bo‘ldi. Biroq komissar o‘rinbosari undan 2014-yildan buyon foydalanib kelgan.
Izoh (0)