Leonardo Di Kaprio “Omon qolgan” filmidagi roli uchun AQSh Kinoaktyorlar Gildiyasining “Eng yaxshi aktyor” sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “TASS” xabar qilmoqda.
Kino va televideniyedan 165 ming nafar artist a’zo bo‘lgan birlashmaning har yili o‘tkaziladigan 22-sonli taqdimot marosimi Los-Anjelesda bo‘lib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, “Eng yaxshi aktyor” sovrini uchun Di Kaprio bilan birga Brayan Krenston (“Trembo”), Jonni Depp (“Qora Messa”), Maykl Fassbender (“Stiv Jobs”) va Eddi Redmeyn (“Daniyalik qiz”)lar g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi aktyorlar tarkibi” unvoni dramatik seriallar orasidan “Daunton abbatligi” seriali aktyorlariga berildi.
“Badiiy filmdagi eng yaxshi aktyorlar tarkibi” unvoni “Diqqat markazida” filmiga nasib qilgan bo‘lsa, komediya seriallari orasida bu sovringa “To‘q sariq rang ― mavsum ilg‘ori” ega bo‘ldi.
Shuningdek, “Dramatik serialdagi eng yaxshi aktyor” unvoni Kevin Speysi (“Qartadan qurilgan uy”)ga, “Komediya serialidagi eng yaxshi aktyor” unvoni Jeffri Tembor (“Ravshan”)ga ulashildi.
“Eng yaxshi aktrisa” unvoniga Bri Larson (“Xona”), “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor” unvoniga britaniyalik Idris Elba (“Urug‘-aymoqsiz hayvonlar”), “Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa” unvoniga shvetsiyalik Alisiya Vikander (“Daniyalik qiz”)lar loyiq deb topildi.
O‘z navbatida, Viola Devis “Qotillik uchun jazodan qanday qutulsa bo‘ladi” serialidagi roli uchun drammatik serialdagi eng yaxshi ijrochi deb tan olindi.
Eslatib o‘tamiz, Leonardo Di Kaprio va Bri Larson “Omon qolgan” va “Xona” filmlarida o‘ynagan rollari uchun AQSh kinotanqidchilarining Critics’ Choice mukofoti sovrindori bo‘lganligi xabar qilingan edi.
Izoh (0)