Hindistonning Mexsana shahrida yashovchi tadbirkor Jitendra Patel kenja o‘g‘li Ravining to‘yiga 18 ming nafar bevani taklif qildi. Bu haqda The Times of India nashri bergan ma’lumotlarga asosan “Segodnya.ua” xabar qilmoqda.
Tantanali marosim Gujorot shtatining Ximmatnagar shahri yaqinidagi ko‘plab qadimiy ibodatxonalar bilan mashhur Derol qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi.
Patelning ma’lum qilishicha, u bevalarga taklifnoma yuborar ekan, jamiyatda mavjud bo‘lgan turli xil bid’atlarga qarshi ekanligini namoyon qilmoqchi bo‘lgan. “Men turmush qurayotgan ushbu yosh juftlik aynan jamiyat tomonidan rad etilib kelinayotgan bevalarning duosini olishini istadim. Ularning to‘yda ishtirok etishi yomon belgi hisoblansa-da, bu xurofotdan o‘zga narsa emas”, ― dedi tadbirkor.
Har bir beva kuyovning baxtli otasidan sovg‘a sifatida ko‘rpa va o‘zining tomorqasida ekib, avaylab parvarishlash sharti bilan ko‘chat oldi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan 500 nafar bevaga sog‘in sigir ulashildi.
Hindistonda sati (bevani yoqib yuborish) odati XIX asrda butunlay yo‘q qilingan bo‘lsa-da, eridan ayrilgan ayol jamiyatdan chetga chiqib qoladi. Hattoki, bevaning soyasi ham baxtsizlik keltiradi deb hisoblanib, beva qolgan ayol bayramlarga taklif etilmaydi va undan ko‘pchilik o‘zini olib qochadi. Erini yo‘qotgan ayol ko‘pgina qishloqlarda “tirik murda”ga aylanib qolib, u motam rangli oq sari kiyib yurishga, taqinchoq va oyoq kiyim kiymaslikka va soch o‘stirmaslikka majbur. Bundan maqsad, eridan judo bo‘lgan beva qolgan umrini yig‘i va motamda o‘tkazishi kerak.
Izoh (0)