BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Bosh Assambleya a’zolariga 15 ta mamlakat a’zolik badallarini to‘lamaganligi uchun ovoz berish huquqidan mahrum etilganligini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar beradi.
Ovoz berish huquqidan mahrum etiluvchi mamlakatlar ro‘yxati 25-yanvar, dushanba kungi sana bilan qayd etilgan bo‘lsa-da, u OAVlarga 22-yanvar, juma kuni ma’lum bo‘ldi. Unga Eron va Venesuela ham kiritilganligi ma’lum qilingan. Biroq Assambleya press-attashesi Deniel Tomas Eron qarzdorlikni qoplab, ovoz berish huquqini saqlab qolganligini ma’lum qildi.
Venesuela hozirda BMT Xavfsizlik Kengashining vaqtinchalik a’zosi hisoblanishiga qaramasdan, ushbu huquqdan mahrum bo‘ldi. Venesuela Xavfsizlik kengashidagi ovoz berish huquqidan mahrum etilmasa-da, ushbu ro‘yxatga kiritilishi BMTga a’zo davlat sifatidagi maqomiga jiddiy zarba hisoblanadi.
BMT xabarida ta’kidlanishicha, mamlakatlar badallarni ularga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra to‘lamaganligini isbotlagan taqdirda ularga ovoz berish huquqi qaytarilishi mumkin.
Bosh Assambleya xatida ko‘rsatilishicha, Venesuela 3 million dollar, Dominikan Respublikasi 2,1 million dollar, Sent-Vinsent va Grenadinlar 2,155 million dollar va Burundi 1,36 million dollar miqdoridagi summani to‘lashi lozim. Shuningdek, ovoz berish huquqini Bahrayn, Liviya, Mali, Vanuatu, Marshall orollari, Somali, Yaman, Komor orollari, Gvineya-Bisau, San-Tome va Prinsipi ham yo‘qotdi.
Izoh (0)