Qatar davlatida davom etayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo chempionatining dastlabki yarim finalchilari nomi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda OFK rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: OFK matbuot xizmati

Foto: OFK matbuot xizmati

22-yanvar, payshanba kuni chempionat doirasida ikki chorak final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi — Yaponiya Eronga qarshi bahs olib borgan bo‘lsa, musobaqa mezboni Qatar Shimoliy Koreya bilan o‘ynadi. Har ikkala o‘yin taqdiri qo‘shimcha vaqtlarda hal bo‘ldi.

Yaponiya — Eron uchrashuvining asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Qo‘shimcha 30 daqiqalikda esa Yaponiya terma jamoasi Eron darvozasiga javobsiz uchta gol urdi (Yuta Toyokava, 95-daqiqa; Shoya Nakajima, 108, 110-daqiqalar).

Qatar terma jamoasi KXDRga qarshi uchrashuvning 6-daqiqasida (gol muallifi — Akram Afif) hisobni ochgan bo‘lsa-da, 90+1-daqiqada o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi (gol muallifi — Su Kyon Jin). O‘yin taqdirini hal qilgan gol 92-daqiqada Ali Asadulla tomonidan kiritildi.

23-yanvar, shanba kuni U-23 Osiyo chempionati doirasidagi navbatdagi chorak final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi: Janubiy Koreya Iordaniyaga qarshi, BAA esa Iroqqa qarshi bahs olib boradi. Musobaqa yarim finalida Janubiy Koreya/Iordaniya juftligi g‘olibi Qatarga qarshi, BAA/Iroq g‘olibi esa Yaponiyaga qarshi bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi U-23 Osiyo chempionatini guruh bosqichidan keyinoq tark etgan. Samvel Babayan shogirdlari dastlab Janubiy Koreya va Iroqqa mag‘lub bo‘ldi, so‘nggi turda esa Yaman ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.