Ular, ba’zi hamkasblaridan farqli o‘laroq, noodatiy hayot tarzini olib boradi: bir necha yuz ming yevro turadigan soatlar xarid qilmaydi, katta xarajatli mehmondorchiliklar uyushtirmaydi, qasrlar sotib olmaydi.
Bu amaldorlar o‘zini shu hayotning egasi deb emas, balki xalq yollagan oddiy bir menejer sifatida ko‘radi. “Sol” nashri sizni hayron qoldirishi mumkin bo‘lgan hokimlar, bosh vazirlar va prezidentlarning kichik bir ro‘yxatini tuzdi.1. Tarya Xalonen, Finlyandiya
Finlyandiyaning kamtarona umr kechiruvchi sobiq prezidenti Tarya Xalonen “Nyu-York — Xelsinki” aviareysining ekonom-klassida oddiy odamlardek parvoz qilayotgani tasvirlangan suratlar paydo bo‘lganidan so‘ng ayniqsa tanilib ketgandi. Finlyandiya prezidentini qandaydir oziq-ovqat do‘konida ko‘rib qolish odatiy hol hisoblanar, bir safar esa uni kiyim-kechak do‘konida... chegirma bilan sotilayotgan liboslarga ko‘milib o‘tirganini ham ko‘rib qolishgandi.2. Devid Kemeron, Buyuk Britaniya
Portugaliyada hordiq chiqarayotgan ayoli va bolalarining oldiga ketayotgan Buyuk Britaniya bosh vaziri, chiptalari arzon Easyjet aviakompaniyasi samolyotida oddiy odamlar bilan birga parvoz qilib, hammani hayratga soldi. U o‘tgan yili ham dam olish uchun Ispaniyaning Granada shahriga yo‘l olarkan, turmush o‘rtog‘i bilan birga ekonom-klassda uchgandi. Ishga esa tez-tez velosipedda kelib turadi. 2015-yil aprelida esa uning gavjum London metrosida tikka turib, xotirjam gazeta o‘qib ketayotgani tasvirlangan fotosuratlar tarqaldi.
3. Xose Muxika, Urugvay
U prezident bo‘lganidan so‘ng, davlat qasridan ko‘ra o‘zining fermerlik uyini ma’qul ko‘rdi, daromadlarining aksariyat qismini ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirdi, ekonom-klassda parvoz qilib, eski Volkswagen “Qo‘ng‘iz”da ishga qatnadi. U besh yil prezidentligi davomida qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan Urugvayni energiya eksport qiluvchi mamlakatga aylantirdi, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirdi, davlat qarzini kamaytirdi, qashshoqlik darajasini qisqartirdi.4. Boris Jonson, Buyuk Britaniya
London meri shahar bo‘ylab velosipedda harakatlanishni ma’qul ko‘radi. U beso‘naqay, mallasoch, ovozi yo‘g‘on, bayonotlari esa shov-shuvli. U galstuksiz yurishga uyalmaydi, sport kurtkasi, ryukzak va velosiped dubulg‘asidan tortinmay foydalanaveradi.5. Maykl Blumberg, AQSh
Boyligi 16—20 milliard dollarga baholanadigan bu siyosiy arbob va ishbilarmon nafaqat xayriya ishlari bilan, balki o‘zining kamtarligi bilan ham nyu-yorkliklar mehrini qozongan — AQShning moliyaviy poytaxti meri ishga metroda borardi! U Manxettendagi o‘z xonadonida yashar, Nyu-York hokimi sifatida yiliga bir dollar maosh olardi.6. Petr Nechas, Chexiya
Nechasning bosh vazir bo‘lganidan keyingi ilk qarori shaxsiy qo‘riqchilardan va Audi xizmat avtomobilidan voz kechish bo‘lgan. Nechasning aytishicha, u kimningdir hujum qilishidan qo‘rqmaydi. Ishga odatda piyoda keladi, ish bo‘yicha safarlarga esa Chexiyada ishlab chiqarilgan avtomobilda boradi.7. Bronislav Komorovskiy, Polsha
Komorovskiyning ixtiyorida 4 xonali xonadon bor (meros sifatida qolgan). Qiziq tomoni, mamlakat prezidenti sifatida ishlagan vaqtlarida u Varshavadagi hukumat mavzesida istiqomat qilib, 4 xonali xonadonini esa bolalarga sovg‘a qilgan.8. Enda Kenni, Irlandiya
Irlandiya bosh vaziri Enda Kenni chiptasi arzon aviakompaniyalarning xizmatlaridan tez-tez foydalanib turadi. Buning hayron qolarli joyi yo‘q — u ishga odatda piyoda, yo‘l-yo‘lakay mamlakat fuqarolari bilan suhbatlashib keladi.9. Angela Merkel, Germaniya
Yevropaning eng nufuzli siyosiy arboblaridan biri eng oddiy uydagi eng oddiy xonadonda istiqomat qiladi. Nemislar uning uy manzilini juda yaxshi bilishadi: 10117 Berlin, Am Kupfergraben, 6. Merkelning xonadoni to‘rtinchi qavatda joylashgan. U dam olish uchun ham, liboslar sotib olish uchun ham o‘z hamyonidan pul sarflaydi. Hashamatli qasrlari, yaxtalari yo‘q — puli yetmaydi.
10. Raymond Veyonis, Latviya
Latviyaning yangi prezidenti — ancha kamtar inson. Raymond Veyonis hali ham Riga yaqinidagi Ogre shaharchasida joylashgan ko‘p qavatli uyda istiqomat qiladi. Qo‘shnilarining aytishicha, u hammaga yordam berishga harakat qiladi. “Bir safar uyimda jo‘mrak buzilib qoldi — suv oqib yotibdi, qayerga ham borib, yordam so‘rardim? Qarasam, u hovlida, mashinasining oldida turgan ekan. Hozir kirib, to‘g‘rilab beraman, dedi. Kirdi va to‘g‘rilab berdi”, — dedi Veyonisning qo‘shnisi.
Izoh (0)