O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining o‘tgan qisqa vaqt ichida erishgan yutuqlaridan biri Xalqaro olimpiya qo‘mitasi, Osiyo olimpiya kengashi, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi va qator xalqaro sport federatsiyalari hamda tashkilotlari bilan o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqanligi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar beradi.
Birgina 2013—2015-yillarda O‘zbekistonga Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi rahbari, Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahd al-Saboh, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining o‘sha paytdagi rahbari Dato Abu Zaynal Abu Zarin, shuningdek, Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgan sportning qator turlari bo‘yicha xalqaro federatsiyalar rahbarlari, Osiyo-Tinch okeani teleradio eshittiruvchilar uyushmasi Bosh kotibi Javad Mottagi, Jahon dopingga qarshi kurash agentligining Osiyo-Okeaniya mintaqasi bo‘yicha rahbari Kazuxiro Xayashi va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha dopingga qarshi kurash tashkiloti raisi Maira Bakasheva kabi qator xalqaro sport tashkilotlarining rahbarlari tashrif buyurib, O‘zbekistonda olimpiya harakatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.
Bugungi kunda Toshkent markazida qad rostlagan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi binosi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax ta’rifi bilan aytganda “dunyoda eng ko‘rkam va mahobatli Olimpiya qo‘mitasi”dir.
Ushbu binoda respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolari ana shu markazda malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tmoqda. Markazda nafaqat o‘zbekistonlik balki xorijdan taklif etilgan yetakchi shifokorlar ham faoliyat olib borishmoqda. Bu yerda 585 turdagi eng so‘nggi tibbiy uskunalar o‘rnatilgan.
Izoh (0)